Payg‘ambar Muhammad alayhissalom dunyo hukmdorlariga yozgan maktublarining papirusga ko‘chirilgan nusxasi Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda joriy yil 7-avgust kuni markaz axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ekspozitsiyadan eng muhim tarixiy xatlardan biri — Rim imperatori Hiraqlyusga (Gerakliyus) yuborilgan maktubning ilmiy asoslangan rekonstruksiyasi joy oladi. Shu bilan birga, Efiopiya, Misr, Bahrayn, Omon hukmdorlari, Fors shohiga yuborilgan maktublardan nusxalar o‘rin olishi kutilmoqda.
“Ushbu xatlar nafaqat Islomning tinchlikparvar va diplomatik ruhini, balki Rasululloh (s.a.v)ning siyosiy zakovati va insonparvarligini ham yorqin namoyon etuvchi tarixiy dalillardir”, deyiladi xabarda.
Musulmonlar idorasi bergan maʼlumotlarga ko‘ra, Payg‘ambar alayhissalom Vizantiya, yaʼni Sharqiy Rim imperatori Hiraqlyusni Islom diniga daʼvat etib yozgan maktub Iordaniyadagi “Qirol Husayn” masjidi muzeyida saqlanadi.
Hiraqlyusga maktub hijriy 7-yilning muharram oyida, milodiy 628-yilda yozilgan. Rasululloh (s.a.v)ning Vizantiya rahbari Hiraqlyusga yo‘llagan daʼvat maktubining o‘zbek tilidagi mazmuni quyidagicha:
“Bismillahir Rohmanir Rohiym. Allohning Rasuli Muhammaddan Rumning kattasi Hiraqlyusga:
“To‘g‘ri yo‘lga ergashganlarga salomlar bo‘lsin. Ammo baʼd, men seni Islom diniga daʼvat etaman. Islomga kirsang, joning omonda bo‘ladi. Musulmon bo‘l, Alloh senga ikki hissa ajr beradi. Va agar Islom dinini qabul qilishdan bosh tortsang, ariysiylar, yaʼni xalqingning gunohi sening gardaningga tushadi”.
“Ey ahli kitoblar! Bizga ham, sizga ham barobar so‘zga keling: Allohdan o‘zgaga ibodat qilmaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qo‘yib, baʼzimiz baʼzimizni Rob qilib olmaylik, degin. Bas, agar yuz o‘girsalar: ‘Guvoh bo‘linglar, biz, albatta, musulmonlarmiz’, deb aytinglar” (Oli Imron, 64).
Payg‘ambar alayhissalom tomonidan xuddi shunday daʼvat maktublari Rum qaysari bilan bir vaqtda Eron kisrosiga, Habashiston Najoshiysiga, Misr aziziga, G‘asson amiriga va Yamoma malikiga ham sahoba elchilar orqali yuborilgan.
Izoh (0)