Bugun, 8-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahrida energetika tizimi barqarorligini taʼminlash choralari bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, oxirgi bir yilda poytaxtda 12 mingta yangi quvvat, savdo va servis majmualari ishga tushirilgan. Energiyaga talab oshmoqda.
“Oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr taʼminotini yaxshilash uchun 2,8 trillion so‘m yo‘naltirilgan. 36 ta podstansiya, 665 ta transformator, 2 ming kilometrdan ziyod tarmoq yangilangan. Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri poytaxtimizda elektr isteʼmolchilari yana 40 mingtaga ko‘paygan, talab 6 foiz o‘sgan”, deyiladi manbada.
Maʼlum qilinishicha, ilgari yozdagi jazirama kunlar davomiyligi bir haftadan oshmagan bo‘lsa, bu yil 20 kungacha cho‘zilgan. Oqibatda iyul oyida Toshkent shahrida isteʼmol miqdori 900 million kilovatt-soatdan oshgan.

Bu omillar modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirishni talab qiladi. Taqdimotda energetika vaziri poytaxtidagi har bir tuman va mahallalar kesimida rejalarni aytgan. Unga ko‘ra, bu yil birinchi bosqichda 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yil yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Jumladan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar taʼmirlanib, yangilari o‘rnatiladi.
Prezidenti kuz-qish mavsumiga oz fursat qolganiga eʼtibor qaratib, bu yilgi rejani 1-noyabrgacha yakunlash zarurligini taʼkidlagan.
So‘nggi yillarda barcha hududlarda generatsiya ko‘paytirib borilmoqda. Shu bilan birga, sanoat korxonalarini muqobil energiya tizimiga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2027-yilgacha yirik korxonalar va turizm maskanlarida 752 megavattli quyosh stansiyasi hamda 812 megavattli saqlash quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda mutasaddilar atom energetikasi yo‘nalishidagi ishlar haqida ham axborot bergan. Manbaning taʼkidlashicha, mamlakatda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qatʼiy nazorati ostida bo‘ladi, eng ilg‘or xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.
Prezident rejadagi inshootlarni sifat va muddatga amal qilgan holda ishga tushirib, barqaror energiya quvvatlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Vazirlar Mahkamasiga energiya samaradorlikni oshirish masalasini har hafta muhokama qilib borish topshirilgan.
Izoh (0)