Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. Bu haqda NBS News telekanali xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Tramp Netanyaxu bilan G‘azodagi ochlik masalasini muhokama qilgan. Isroil bosh vaziri esa G‘azoda aholi ochlikdan qiynalayotganini tan olmagan. Tramp esa bunga javoban suhbatdoshiga baqirgan.

Netanyaxuning fikricha, G‘azo aholisi ochlikdan qiynalayotgani haqidagi xabarlar HAMAS tomonidan to‘qib chiqarilgan uydirma. Trampga esa yordamchilari bolalarning ocharchilikdan qiynalayotgani haqidagi faktlarni taqdim etgan.
AQShning sobiq amaldorlaridan birining aytishicha, Amerika prezidenti va Binyamin Netanyaxu o‘rtasidagi suhbat gumanitar mavzularga qaratilgan va unda asosan Tramp gapirgan.
Tramp va Netanyaxu o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashuvi Isroil bosh vazirining 27-iyul kuni Isroilda o‘tkazilgan tadbirdagi chiqishidan keyin yuz berdi. Bosh vazir tadbir davomida: “G‘azoda ochlik yo‘q. G‘azoda ochlik siyosati ham yo‘q”, degan.
Trampdan Shotlandiyaga safari chog‘ida Netanyaxu so‘zlari haqidagi fikri so‘ralganda, u ochlikdan qiynalayotgan bolalarning suratlarini ko‘rganini va G‘azoda haqiqatdan ochlik borligini aytgan. Shuningdek, Amerika yetakchisi vaziyatni soxtalashtirib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Oq uy Tramp va Netanyaxu o‘rtasida yuz bergan tortishuv haqidagi xabarlarga izoh bermagan. Bosh vazirning idorasi esa bunday tortishuv haqidagi yangiliklarni yolg‘on deb atagan.
Izoh (0)