Olis va chekka hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 100 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilarni avtobuslar bilan maktabga qatnovi autsorsing asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishida katta tajribaga ega davlatlarning tajribasi o‘rganiladi. Eng yaxshi maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishi tizimiga ega davlatlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida har yili 20 nafar maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi-trenerlari xorijiy davlatlarga malaka oshirish uchun yuboriladi.
2023-yilning sentyabr oyida oliy va chekka hududlarda joylashgan 715 ta maktab o‘quvchilari uchun bepul maktab avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.
2024-yili Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi aytilgandi.
Izoh (0)