Hukumatning “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, avtomashinani boshqarish jarayonida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etish holatlarini jarima ballari asosida baholash tartibi tasdiqlandi. Yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari “E-jarimaball” moduli orqali inson omilisiz avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi.
12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga rag‘batlantirish tariqasida, keyingi davrda yo‘l harakati qoidalarini birinchi marta buzgani uchun birinchi jarima bali hisoblanmaydi. Haydovchilarning oxirgi huquqbuzarligi uchun jarima bali hisoblangan vaqtdan boshlab, ular 6 oy davomida yo‘l harakati qoidabuzarliklariga doir boshqa huquqbuzarlik sodir etmagan taqdirda, uning umumiy jarima ballaridan ikki jarima bali ayirib tashlanadi.
Agar haydovchilar jarima ballarining umumiy miqdori ikki jarima balidan kam bo‘lgan taqdirda, barcha jarima ballari ayirib tashlanadi hamda jarima ballarini hisoblash muddati birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi. Qaror 2025-yil 1-iyundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Haydovchilar tomonidan sodir etilgan qaysi qoidabuzarlik uchun qancha jarima ballari hisoblanadi?
Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va ruxsatnomasiz qoraytirilgan oynali transport vositalaridan foydalanganlik uchun 0,5 ball beriladi.
Shuningdek:
- Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan ko‘p bo‘lmagankattalikda oshirib yuborishi uchun 0,5 ball;
- Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 20 km/soatdan ko‘p, 40 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi uchun 1 ball;
- Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 40 km/soatdan ko‘p, 60 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi uchun 1,5 ball;
- Haydovchilarning belgilangan harakat tezligini 60 km/soatdan ko‘p, 80 km/soatdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi uchun 2 ball beriladi.
Haydovchilar uchun jarima ballari tizimi
O‘zbekistonda haydovchilar huquqbuzarliklari uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi haqida 2022-yilning fevralida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingandi. O‘sha yilning aprelida “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Unda har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab borilishi belgilandi.
Mazkur tizim 2022-yil 1-dekabrda ishga tushishi kerak edi. YHXX bu tizim ko‘zda tutilgan sanadan boshlab test rejimida ishga tushurilishini, dasturiy ta’minot sinovdan o‘tkazilib, aniqlangan xato va kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgandan keyin ishga tushirilib, haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishini bildirgandi. O‘shanda Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasi ishlab chiqilgani, Oliy Majlis qonunchilik palatasining mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan holda qonun loyihasini qayta takomillashtirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingandi.
Qonunchilik palatasi jarima ballari ko‘zda tutilgan qonunni 2023-yil 28-noyabrda qabul qildi. Senatda birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqilib, uni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytarildi. 2025-yil 24-yanvarda qonun qayta ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
2025-yil 20-fevral kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinishi belgilandi.
O‘shanda Zoyir Yo‘ldoshov ushbu tizim ishga tushishi bo‘yicha “Daryo”ga izoh berib, qonun bilan 1 oy muddatda “12 ballik tizim” bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqilishini bildirgandi.
Haydovchilarga tayinlanadigan 12 ballik jarima ballari faqat YPX inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllanadi va ballarni hisoblash tizimi YHXXda inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tarzda hisob-kitob qilinadi.
Izoh (0)