Ko‘plab filmlar va spektakllari orqali sevimli bo‘lgan, ijobiy-u salbiy qahramonlar rolini maromiga yetkazib ijro etuvchi aktrisa Vazira Yunusova ijodni boshlaganiga deyarli 40 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan “Daryo” aktrisadan intervyu oldi.
“Mo‘min bilan vaynda chiqishim ko‘pchilikka yoqadi”

— Bugun hayotimizda o‘zidan yoshi katta ayollar bilan munosabat quradigan erkaklar yo‘q emas. Biz Mo‘min Ibrohimov bilan shu haqiqatni hazil ortida ko‘rsatishga harakat qildik. Biz Mo‘min va Asqar bilan oxirigacha birga ishlashga kelishganimiz yo‘q. Ular meni chaqirishdi, men o‘ynab berdim. Men aktrisaman, agar vayn yo‘liga kirsam, shu yo‘ldan ketishim kerak bo‘ladi. Shu sababli baʼzan qiziqishga vaynlarga tushib turaman. Ularni yaxshi ko‘rib tomosha qiladiganlar ko‘p. Hattoki mashinada svetoforda turganimda ham oldimga kelib, “Opa, vaynni bir kunda 30 marta ko‘rdim, maza qilib kuldim”, deydiganlar bor.
Vaynlarga tushishimni tanqid qilganlar ham bo‘ldi, ammo o‘sha tanqid qilganlarning o‘zi ham shu yo‘nalishga kirib kelyapti. Men tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman. Qizlarim har doim mening yonimda kamarbasta bo‘lishadi. Siz bachkana vaynlarga tushmayapsiz, hozir zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak, deb qo‘llab-quvvatlashadi, deydi aktrisa.

“Filmda professionallar bo‘lmasa, rol o‘ynamayman”
— Oxirgi paytlar professionallar bo‘lmasa, meni filmlarga chaqirmanglar, deb shart qo‘yishni boshladim. Ko‘zi o‘lik, yurakni ishlatmay so‘zlaydiganlar jonimizga teggan. Baʼzan epizod rol uchun chaqirib qolishadi, kelmasangiz bo‘lmaydi, boshqa professionallar kelmayapti, deyishadi. Shunday vaziyatlarda borib, yosh aktyor va aktrisalar bilan ishlayman, ko‘zingiz o‘lik bo‘lmasin, deyman.

Bundan tashqari, pul masalasi g‘ashimni keltiradi. Noshukrlik bo‘lmasin-u, ammo gonorar kam. Shunday aktyorlar bor, serial va novellalarga tushmaydi, faqat kinoga tushadi. Men esa serialga ham, kino va novellalarga ham, hattoki vaynlarga ham tushyapman. Menga kim aytgan gonorarimni beryapti? Yana bir g‘ashimga tegadigan narsa — qachon bizda ham kiyim va grim masalasi hal bo‘ladi? Teatrni gapirmayman, u yerdan keladigan pulga oilamni boqaman. Shu sababli uni kam yoki ko‘p, demayman. Qachon bizda ham mashinalar orqasi to‘la kiyimda kelib, mana shu kiyimni kiyasiz, deyishadi? Professional grimyorlarning ham dardi ichida. Kostyumerlar yo‘qolib ketdi. Davlat filmlarida bor, xususiylarda yo‘q. O‘zingiz kiyim olib oling, deyishadi, deydi Vazira Yunusova.
“Qabristonga borib, lahad ichiga tushib turaman”

— Ikkinchi qizim bilan Ko‘kcha qabristonidagi chillaxonaga borib turamiz. Avvaliga qo‘rqqanman, keyin ko‘nikkanman. Soatlab ham o‘tiraman. “Keladigan joyimiz shu yer, nimaga katta ketaman, men o‘zi kimman”, deb yig‘laydigan erkaklar ham bor. Men uch yil lahadning ichiga kira olmadim. Yaqinda birinchi marta kirdim. Bir ayol uch yarim soat lahadda uxlab qolganini, menga qo‘rqmasligim kerakligini aytdi. Telefonimning chirog‘i bilan kirgandim, keyin uni ham o‘chirdim. Juda daxshatli edi. Lahadga tushganingizda kimligingizni bilasiz. Chiqqaningizdan keyin qalbingiz sokinlashadi, deydi aktrisa ko‘zlarida yosh bilan.
“Turmush o‘rtog‘imga yoshrog‘iga uylaning, deganman”

— Men o‘lsam, mayitimni kim ko‘taradi, deb bir martagina o‘ylaganman. Chunki uchta qizim bor. Ammo men bu narsani chuqur o‘ylab, mulohaza qilmayman. Sababi jigarlarim, kuyovlarim bor. Ba’zan teatrdagi yosh aktyorlarga hazillashib hammang mening bolamsizlar, o‘tib qolsam, tobutimni ko‘tarasizlar, deyman. Lekin hech qachon nega menga o‘g‘il bermading, deb siqilmayman. Bergan ne’matlariga shukr qilaman. Turmush o‘rtog‘im oxirgi qizimiz o‘g‘il bo‘lishini istagan. Shunda “Unda yoshroq birortasiga uylaning, ammo qonuniy ajrashamiz”, dedim. Ammo erim ham, men ham buni xohlamaymiz. Uchta qizimiz o‘nta o‘g‘ilning o‘rnini bosadi, deydi aktrisa.
Suhbatni to‘liq holda Daryo Lifestyle YouTube sahifasida tomosha qiling.
Izoh (0)