Senatning Fan, ta‘lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev tomonidan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, fuqarolarning bir vaqtning o‘zida ikki oliy ta‘lim muassasasida, masalan, davlat va nodavlat OTMda kunduzgi va masofaviy yoki kechki va sirtqi shakllarda tahsil olish imkoniyatlari cheklangani borasida murojaatlar ko‘paymoqda.
Ushbu masalalarga aniqlik kiritish va qonunchilikdagi mavjud to‘siqlarga izoh berish maqsadida senator so‘rovi yuborilgan.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan abituriyent faqat bitta OTMga asl hujjatini topshirishi mumkin. Shuningdek, HEMIS axborot tizimida bir marta ro‘yxatdan o‘tgan talaba boshqa OTMda qayta ro‘yxatdan o‘ta olmaydi. Bu holat esa yoshlarning o‘z ixtiyori va ehtiyojiga ko‘ra bir vaqtning o‘zida bir nechta ta‘lim yo‘nalishida bilim olishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Senator so‘rovida shu kabi cheklovlar AQSH, Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda mavjud emasligi, aksincha, talabalar bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta‘lim muassasasida tahsil olib, ikki va undan ortiq diplomga ega bo‘lish imkoniyatiga ega ekani ta‘kidlangan.
Shu munosabat bilan senator vazirdan fuqarolarga bir vaqtning o‘zida davlat va nodavlat OTMlarining ikkitasida tahsil olish imkoniyati yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni so‘radi.
Izoh (0)