O‘zbekiston maktablarida 25-may kuni bo‘lib o‘tadigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida vals tushishni taqiqlanishi haqida xabar taralgandi. “Daryo” Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati bilan bog‘lanib bu masalaga aniqlik kiritdi.

Vazirlik matbuot xizmatining bildirishicha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida vals tushish taqiqlanishi borasida hech qanday hujjat yo‘q. Biroq farzandlari darsdan so‘ng qolib raqs tushishni o‘rganishi, tadbir uchun qimmat kiyimlar tiktirish, buning uchun pul yig‘ish holatlari ota-onalar haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini yuqori saviyada tartibli o‘tkazish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli tavsiyalar hamda tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha namunaviy ssenariylar tayyorlanib, ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi.
Bu tavsiyalarda vazirlik tomonidan maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari davomida o‘quvchilarning raqs (vals)ga tushishlarini taqiqlash bo‘yicha alohida ko‘rsatma berilmagan. Tadbir sabab ortiqcha narsalarga chalg‘ishlar bo‘lsa, maktab ma’muriyatining o‘zi bunga taqiq qo‘yishi mumkin.
“Darhaqiqat, maktab bu ta’lim maskani, o‘quv yilini yakunlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbir — bu eng avvalo ma’rifat bayrami, ta’lim bergan ustozlarga ehtirom ko‘rsatish bayrami hisoblanadi. Mazkur tadbirga bitiruvchi sinf o‘quvchilarining vals tushishining hech bir mantiqan bog‘liqligi yo‘q”, deyiladi vazirlik izohida.
Shuning uchun maktab rahbariyati tomonidan ota-onalarning haqli e’tirozlarini inobatga olgan holda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida ta’limga aloqasi bo‘lmagan o‘quvchilarni valsga tushish “an’ana”lariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tadbir ssenariylariga tegishli taqiqlovchi talablar kiritilishi mumkin.
Maktablardagi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida o‘quvchilarning vals tushishi taqiqlangani haqidagi mish-mishlar bundan bir necha yil avval ham tarqalib, ko‘plab e’tiroz va munozaralarga sabab bo‘lgandi.
Izoh (0)