Hindiston Pokistondan keladigan yoki uning hududi orqali o‘tadigan tovarlar importini taqiqladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Hindiston tashqi savdo bosh boshqarmasi taqiq darhol kuchga kirishini ma’lum qildi. Pokiston kemalarining mamlakatga kirishiga ham ruxsat berilmaydi.
Ushbu cheklov Hindiston manfaatlari, jamoat xavfsizligi va yuk tashish infratuzilmasini himoya qilish maqsadida qabul qilindi, deyiladi xabarda.
Pokiston bundan avvalroq barcha chegara savdolarini to‘xtatib, Hindiston aviakompaniyalari uchun havo hududini yopgandi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 22-aprel kuni Kashmirdagi teraktdan so‘ng keskinlashdi. Bir nechta qurollangan shaxs Pahalgam shahri yaqinida mahalliy aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochgan. Oqibatda 25 nafar hindistonlik va bir Nepal fuqarosi halok bo‘lgan.
Hujum uchun javobgarlikni terrorchi tashkilot hisoblangan “Lashkari Tayba” bilan bog‘liq “Qarshilik fronti” guruhi o‘z zimmasiga olgan. Hindiston hujumni Pokiston bilan bog‘lagan. Ayblangan davlat hujumchilar bilan aloqadorligini qat’iyan rad etgan.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga qarshi keskin choralar ko‘rgan. Jumladan, quruqlikdagi Attari nazorat-o‘tkazish punkti yopilgan. Pokistonliklarga mamlakatni tark etish topshirilgan. 1960-yilgi Hind daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha bitim darhol to‘xtatilgan. Bitim tuzilgan yili tomonlar siyosiy ziddiyatlarga qaramay, suv resurslarini teng taqsimlashga kelishib olgan edi. Pokiston bu harakatni urush e’lon qilish deb baholagan. Ikkala davlat bir-biri uchun havo hududini yopgan.
Hindiston va Pokiston chegarasida ketma-ket otishmalar sodir bo‘lgan. Ikkala davlat o‘zining raketalarini sinovdan o‘tkazgan.
Izoh (0)