Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Click’ning ustun mavqeyini tan oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaning tegishli buyrug‘i bilan onlayn to‘lov tizimlari bozorida Click AJ ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.
Ustun mavqega ega raqamli platforma operatori faoliyatini raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ustun mavqeyini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi va tegishli tartibda monitoring o‘tkazib boriladi.
Aprel oyining boshlarida tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida Uzum Tezkor ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etilgandi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Raqamli platforma operatorining ustun mavqeyini va ustun muzokara kuchini e’tirof etish tartibi to‘g‘risidagi nizomda raqamli platforma operatorining ustun mavqega ega deb e’tirof etishning mezonlari belgilangan.
Tovar yoki moliya bozoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining unga o‘z faoliyatini raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ushbu boshqa subyektlarning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqedir.
Izoh (0)