Qozog‘istonda quvvati ikki ekzaflopga yaqin bo‘lgan superkompyuter olib kelindi. Bu haqda Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi xabar berdi.

Bitta ekzaflop(kompyuter tezligini o‘lchovchi birlik)ning bajarilishi mashina sekundiga kvintillion (18 ta nolga ega son) amalni bajara olishini anglatadi. Bu Markaziy Osiyodagi eng kuchli kompyuter ekani ma’lum qilindi.
“Bu Markaziy Osiyo mintaqasi tarixidagi birinchi superkompyuter klasteridir. U sun’iy intellekt va yuqori samarali hisoblash uchun maxsus ishlab chiqilgan eng so‘nggi NVIDIA H200 grafik chiplarida yig‘iladi”, deya qayd etdi vazirlik.
Superkompyuter vazirlikning yangi ma’lumotlar markazida o‘rnatiladi. Ular faqatgina tor doiradagi mutaxassislar uchun emas, balki mamlakatning butun raqamli ekotizimini rivojlantirish uchun jumladan, sog‘liqni saqlash, energetika, ta’lim, davlat xizmatlari va boshqalar uchun ishlaydi. Bu Qozog‘istonning birinchi marta yuqori texnologiyali uskunalarni mamlakatga bojsiz va qo‘shimcha qiymat solig‘isiz olib kirishi hisoblanadi.
“Bu mamlakatimizga xalqaro IT-kompaniyalar va ma’lumot markazlari operatorlari e’tiborini tortadi. Loyiha 2029-yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishning muhim elementi va Qozog‘istonning zamonaviy IT infratuzilmasini shakllantirishning asosiy bosqichlaridan biridir”, dedi vazirlik.
Qo‘shimcha qilinishicha, neyron tarmoqlarni o‘qitish uchun quvvatga muhtoj bo‘lgan startaplar, fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazuvchi universitetlar, tadqiqot markazlari va biznes jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etuvchi kompaniyalar superkompyuterlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)