Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorga qo‘shni Sardoba tumani hududidan 6 gektar yer maydoni olib berish evaziga 20 ming AQSH dollari hamda viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan va Sayxunobod tumani hududida joylashgan 50 sotix yer maydonini yengil konstruksiya ko‘rinishida qurilish qilishi uchun ijara shartnomasi asosida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSH dollari, jami 25 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan fermer xo‘jalik rahbari xo‘jalikning 3,37 gektar yerini hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan qo‘shimcha yer maydonini — jami 7 gektar yer maydonini sirdaryolik xaridorga 2 million AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 200 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi muqaddam sudlangan shaxs o‘zining o‘g‘li nomida bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga investitsiya kiritish sharti bilan issiqxona qurish uchun tuman hududidan ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali, 50 ta kottej qurmoqchi bo‘lgan xaridor nomiga o‘tkazib berish evaziga 500 ming AQSH dollari, shuningdek, turmush o‘rtog‘ining nomidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli, Yangiyo‘l shahrida joylashgan bino va uning 486 metr kvadrat yer maydonini ham xaridorga sotish va u yerda 12 qavatli uy qurishi uchun mas’ul idoralardan ruxsat olib berish evaziga 440 ming AQSH dollari, jami 940 ming AQSH dollari talab qiladi. Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 400 ming AQSH dollarini olgan vaqtida xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashovchi shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga “Xalq banki”ning viloyat filiali balansida turgan va “E-Auksion” portali orqali savdoga chiqarilgan — Quyi Chirchiq tumanidagi 13,05 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali olib berish evaziga 260 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 130 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari tuman hokimining 2015-yildagi qarori bilan paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida foydalanish uchun ajratib berilgan yer maydonining 5,5 gektar qismini xaridorga 150 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kelgusida yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan jami 190 ming AQSH dollaridan 120 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)