15-may kuni Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘on va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv o‘tkazildi. Matbuot uchun yopiq bo‘lgan ikki tomonlama uchrashuv va prezident qarorgohida delegatsiyalar ishtirokidagi ishchi tushlik 2 soat 45 daqiqa davom etgan. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar bermoqda.

Uchrashuvda Anqara tezroq tinchlik o‘rnatish maqsadida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muloqot kanallarini ochiq saqlashga katta e’tibor qaratayotganligi ta`kidlangan.
Turkiya prezidenti ma’muriyati huzuridagi Aloqalar boshqarmasi xabarining xabar berishicha, davlat rahbari Turkiyaning “ikki davlat rahbarlari tayyor bo‘lganida ularni qabul qilishga” tayyorligini bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda Rossiya-Ukraina mojarosini to‘xtatishga urg‘u berilgan holda ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar muhokama etilgan.
Turkiya rahbari Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan hal etish zarurligini ta’kidlagan. U yanada ko‘proq insonlar qurbon bo‘lishining oldini olish uchun minimal umumiy tamoyillar bo‘yicha kelishuvga erishish g‘oyat muhimligini uqtirgan.
Prezident Erdog‘on Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni boshlashning tarixiy imkoniyati mavjudligini ta’kidlab, ham texnik, ham rahbarlar darajasidagi muzokaralarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-may kuni Istanbulda Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashni taklif qilgandi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mazkur muzokaralarda Putinni shaxsan kutishini aytdi.
14-may kuni Putin muzokaralarda qatnashadigan Rossiya delegatsiya tarkibini tasdiqlagan. Delegatsiya rahbari etib Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy tayinlangan. U 2022-yilda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari uchrashganida Rossiya tomonidan muzokaralar guruhi raisi bo‘lgandi.
Izoh (0)