Xitoy raisi Si Szinpin prezident Vladimir Putinning taklifiga binoan 7—10-may kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyaga boradi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, u G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi. Shuningdek, davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish va hujjatlar imzolash rejalashtirilgan.
Muzokaralarda keng qamrovli sheriklik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy masalalari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb muammolar muhokama qilinadi. Bir qator ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.
Si Szinpin Moskvadagi g‘alaba paradida ishtirok etishini aprel oyida Putin ma’lum qilgandi. O‘shanda u Xitoy rahbari to‘laqonli davlat tashrifi bilan kelishini aytgan.
Xitoy raisi bizning asosiy mehmonimiz bo‘ladi va biz ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati haqida suhbatlashish, xalqaro maydonlarda o‘zaro hamkorligimizni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, degan edi Rossiya prezidenti.
G‘alabaning 80 yilligiga Moskvaga 20 ga yaqin davlat rahbarlari kelishi kutilmoqda
9-may kuni ko‘p tashrif buyuradigan MDH davlatlari rahbarlari bilan bir qatorda, Braziliya va Burkina-Faso prezidentlari Lula da Silva va Ibrohim Traore, Venesuela hamda Vetnam yetakchilari Nikolas Maduro va To Lama, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Moskvadagi paradga bir haftadan kamroq vaqt qolganda Yevropaning kutilayotgan yetakchilari — Fitso va Vuchichning sog‘lig‘ida muammolar yuzaga kelgan. Serbiya prezidenti AQSHga tashrifini to‘xtatgan, u Belgraddagi kasalxonaga yotqizilgan. Keyinchalik Vuchich Harbiy tibbiyot akademiyasidan chiqarilgan.
Fitsoning ahvoli yomonlashgani va may oyida uning uchrashuvlari bekor qilingani haqida Tvnoviny portali xabar bergan. Slovakiya bosh vazirining Smer parlamentidagi fraksiyasi rahbari Yan Rixterning aytishicha, Fitsoning sog‘lig‘i yaxshi, muammolar esa siyosatchiga suiqasdning yaqinlashib kelayotgan yilligi (15-may) munosabati bilan psixologik xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Fitsoning Moskvaga tashrif buyurish rejasi o‘zgarmagani aytilmoqda.
Bungacha Yevropa Ittifoqi rasmiylari Moskvaga tashrif buyurishga qaror qilgan yevropalik siyosatchilar uchun javobgarlik bilan tahdid qilgan. Vuchich o‘z rejalarini o‘zgartirmasligini aytgandi. Fitso esa safarlar tufayli ogohlantirishlar bilan chiqqan Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas unga ko‘rsatma bera olmasligini ta’kidlagan.
Izoh (0)