Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Damas’da 28 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rildi.
YHXX matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, haydovchi bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-8-moddasi (transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 2 baravari miqdorida (750 ming so‘m) jarima belgilandi.
YHXX barcha haydovchilarni odam tashish qoidasiga rioya qilishga chaqirdi.
Bu kabi holatlar tez-tez takrorlanmoqda. 23-aprel kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida haydovchi Damas’da 25 nafar bola va bir nafar ayolni olib ketayotgani aniqlangandi. Surxondaryo viloyatining Denov tumanida esa haydovchi Damas’da 32 nafar bog‘cha bolasini tashiyotgani aniqlandi.
2024-yil aprelida Qarshi shahrida 25 nafar bolani olib ketayotgan Damas YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgandi. O‘sha yilning sentyabrida Andijonda Damas haydovchisi yo‘lovchi tashish qoidasini buzib, 32 nafar bolani maktabgacha ta’lim tashkilotiga olib ketayotgani aniqlangan.
2023-yil sentyabrda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida bog‘cha mudirasi 25 nafar bolani o‘z Spark’ida olib ketayotganida to‘xtatilgandi. Bundan tashqari, Surxondaryoda ham haydovchi Damas’da 25 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)