AQSH Markaziy Osiyoning nodir metallariga ega bo‘lishni istaydi, chunki Ukrainada kerakli resurslar juda kam. Bu haqda Nationall Interest xabar berdi.

Ukraina bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv tuzish AQSH uchun faqat birinchi qadam ekani aytilmoqda. Vashington Markaziy Osiyo resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishni istaydi, biroq buni amalga oshirish oson bo‘lmaydi, chunki mintaqa Rossiya va Xitoyning manfaatlari doirasiga kiradi.
Qo‘shma Shtatlar minerallar portfelini to‘ldirish uchun qo‘shimcha variantlarni ko‘rib chiqishi kerak. Bunday mintaqalardan biri noyob yer metallarining katta zaxiralari mavjud bo‘lgan Markaziy Osiyo bo‘lishi mumkin. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan yanada yaqin aloqalarni o‘rnatish hal qiluvchi ahamiyatga ega, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga geografik jihatdan yaqin bo‘lgani uchun bu resurslarga yetib borishda AQSHdan ustunligi ta’kidlangan.
Yana bir muhim jihat shundaki, Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan allaqachon kuchli savdo aloqalariga ega — u mintaqadagi tovar va xizmatlarning yirik iste’molchisi hisoblanadi. Rossiya ham Markaziy Osiyo bilan mustahkam iqtisodiy va savdo munosabatlariga ega. Shunga qaramay, siyosiy vaziyat o‘zgarib bormoqda.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari Xitoy va Rossiyaga bog‘liqlikni kamaytirishga intilmoqda. Aksincha, ular AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bermoqda, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bunday hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlariga o‘z iqtisodiy va energetika bozorlarini diversifikatsiya qilish, ya’ni ko‘proq yo‘nalishlarga ochilish imkonini beradi. Bir davlat yoki kuchga bog‘liqlikni kamaytirish esa ularning milliy, moliyaviy va energetika xavfsizligini mustahkamlashga yordam beradi. AQSH esa bu o‘sib borayotgan aloqalardan unumli foydalanishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH O‘zbekiston bilan nodir metallarni qazib olish bo‘yicha resurs shartnomasini tuzgan. Vashington va Toshkent vakillari 9-aprel kuni AQSH poytaxtida kelishuvni imzolagan.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha foydali qazilmalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolangan hamda foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olishga investitsiyalar kiritish, yuqori darajada maydalash komplekslarini (HPGR) qurish, innovatsion texnologiyalarni jalb etish va muhim xomashyo uchun qo‘shilgan qiymat yaratish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Izoh (0)