Yaman husiylari (“Ansar Alloh” harakati) Isroil aeroportlariga, jumladan, Ben-Gurionga zarba berish orqali mamlakatning havo hududini to‘liq blokada qilmoqchi. Bu haqda husiylarning qurolli kuchlar vakili Yahyo Saria ma’lum qildi.

Isroil G‘azo sektorida agressiv harakatlarini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilganiga javoban, qurolli kuchlar dushman Isroilga qarshi to‘liq havo blokadasini o‘rnatish ustida ish olib borishini e’lon qiladi. Buning uchun avvalo Lod aeroportiga (Isroilda u Ben-Gurion aeroporti nomi bilan tanilgan) bir necha marta zarba berish rejalashtirilmoqda, dedi u husiylarga qarashli “Al Masirah” telekanali efirida.
Husiylar aviakompaniyalarni “ushbu bayonotni e’tiborga olishga va samolyotlar hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun dushman aeroportlariga barcha reyslarni bekor qilishga” chaqirdi.
3-may kuni Isroil yaqin kunlarda G‘azo sektorida hujumni kuchaytirishi mumkinligini ma’lum qildi. G‘azodagi operatsiyani kengaytirish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida qabul qilingan. 4-may kuni Yaman husiylari Ben-Gurion aeroporti hududiga ballistik raketa uchirdi. Uni “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi ushlab qola olmagan. Xalqaro aeroport reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan. Keyinroq esa uni tiklagan.
Hujum oqibatida 8 kishi yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olgan, ularning ba’zilari boshpanaga yetib borishga uringanida jarohatlangan. Yahudiy davlati mudofaa vaziri Isroil Kats hujum uchun yetti baravar ko‘proq javob qaytarilishidan ogohlantirgan.
Izoh (0)