Qozog‘iston va O‘zbekiston birgalikda bolalar saratoni bo‘yicha akademik markaz tashkil qiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Bolalar uchun muloqot: Markaziy Osiyo va YUNISEF” yuqori darajadagi konferensiyasi doirasida Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirlari Asilbek Xudoyorov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, tibbiy yordam ko‘rsatishda tajriba almashish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bo‘yicha mamlakatlar koalitsiyasi doirasida o‘zaro hamkorlik, shuningdek, Orolbo‘yi aholisi salomatligiga ta’sir etuvchi ekologik omillarni kompleks o‘rganishga qaratilgan qo‘shma ilmiy loyihalarni muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida bolalar salomatligini muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qozog‘iston bolalar saratoni bo‘yicha Xalqaro akademik markaz yaratishni taklif qilib, uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Milliy ilmiy onkologiya markazi negizida Kattalar onkologiyasi va onkogematologiyasi bo‘yicha xalqaro xab, UMC yurak markazi negizida bolalar kardiojarrohligi xalqaro xabini tashkil etish, jumladan, qoraqalpog‘istonlik bolalarga yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini ham taklif etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha joriy yilda O‘zbekistonda qozoq tibbiyoti kunlari va 2026-yilda Qozog‘istonda o‘zbek tibbiyoti kunlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida Xalqaro xab tashkil etish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Bundan avval O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘rtta chegara postida yangi yuk avtomobillari harakatini yo‘lga qo‘ymoqchiligi haqida xabar berilgandi. Tomonlar bojxona laboratoriyalari o‘rtasida va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi kelishuvlarni ko‘rib chiqdi. Uchrashuv yakunida ikkala davlat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka yangicha ruh beruvchi 3 ta hujjat imzolangandi.
Izoh (0)