Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi.
2022-yildan federatsiyaga rahbarlik qilib kelgan, bir vaqtning o‘zida Yoshlar ishlari agentligi direktori bo‘lgan Alisher Sa’dullayev federatsiya raisi birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradi. Shaxmat faxriysi Komil Sindarov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari etib saylandi.
O‘zbekiston 2026-yilda o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qiladi. Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, bosh vazirning federatsiya raisi etib saylanishi aynan ushbu nufuzli xalqaro tadbirga har tomonlama jiddiy tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Prezidentning 2023-yil 8-maydagi qarori bilan Abdulla Aripovga O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga raislik qilish topshirilgan.
2-oktyabr kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi etib saylangandi.
Izoh (0)