Turkiya Milliy ta’lim vazirligi tarix fani o‘quv dasturiga tub o‘zgarishlar kiritdi. Yangi yondashuvga ko‘ra, “Markaziy Osiyo” atamasi “Turkiston” atamasi bilan almashtiriladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur qaror kelajak avlodlarda milliy o‘zlikni anglash va vatanparvarlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, “kelgusi davrni turklar davriga aylantirish uchun yelkama-yelka harakat qilib, ‘Turk asri’ haqidagi tasavvurlarni Turkiy Davlatlar Tashkilotiga ham yetkazishi”ni ta’kidlagan.
“Turklarning vatani ma’nosini anglatuvchi Turkiston so‘zi tarixning eng qadimgi davrlaridan beri qo‘llanilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida ruslar bosqinchiligi natijasida Turkiston nomi o‘rniga O‘rta Osiyo tushunchasi kirib keldi va tarqaldi”, deydi professor Ahmet Tasagil “Turkiston” atamasining tarixiy ma’nosini tushuntirar ekan.
Dotsent Ramin Sodiq Ta’lim vazirligi qaroriga izoh berib, “Turkiston konsepsiyasi va uning Xalq ta’limi vazirligi tomonidan darsliklarga kiritilishi juda to‘g‘ri qaror ekanini ta’kidlagan.
Mutaxassis turk dunyosi uchun mushtarak tarix, geografiya, adabiyot, xarita va alifbo yaratish borasidagi faol qadamlar davrida Milliy ta’lim vazirligining “Turkiston” atamasini darsliklarga, jumladan, bolalar uchun mo‘ljallangan darsliklarga kiritish to‘g‘risidagi qarorini muhim o‘zgarish deb atadi. Uning fikricha, bu o‘zgarishlar nafaqat Turkiya, balki butun turkiy dunyo, shuningdek, turkiy xalqlarning hamkor davlatlari uchun muhim boshlanish va qimmatli hissadir.
Mutaxassislarga ko‘ra, bu o‘zgarish turkiy dunyo bo‘ylab aloqalarni mustahkamlash, jumladan, umumiy tarix, adabiyot, xarita va alifbo yaratishga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismidir.
Izoh (0)