Qashqadaryo viloyati Kitob tumani hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lida maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkaziladi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 30-may kuni Olmaota—Bishkek—Toshkent—Shahrisabz—Termiz avtomobil yo‘lining 1135-1146-kilometridagi Taxtaqoracha dovonida Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘quv mashqi rejasiga ko‘ra, ushbu avtomobil yo‘lida fuqarolar va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida, yo‘l atrofidagi ko‘chki va tosh qulash xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda tegishli muhandislik-texnik tadbirlar amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan, mazkur avtomobil yo‘lida fuqarolar va transport vositalarini harakatlanishi qisqa muddatga cheklanadi (ikki va uch marotaba, 30 yoki 40 daqiqadan oshmagan holda) va yo‘l yopiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident tomonidan imzolangan “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda 2025-yilda Toshkent—Andijon, Toshkent—Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha pulli yo‘llarni va Taxtaqoracha dovonida pulli tunnelni qurish belgilangandi.
Izoh (0)