Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024-yildagi davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurash reytingini e’lon qildi.

Reyting baholash tizimi bo‘yicha 103 ta davlat tashkilotining (jumladan, 14 tasi ilk marotaba, 89 tasi esa takroran) 2024-yildagi faoliyati 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholashdan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, davlat tashkilotlari faoliyatining samaradorligi quyidagi toifalarga ajratildi:
- 41 tasi “yaxshi” — (81—100 ball);
- 53 tasi “qoniqarli” — (55—80 ball);
- 9 tasi “qoniqarsiz” — (55 balldan past).
Reyting natijalari o‘rtacha 73,8 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 4,9 ballga (95 ta davlat tashkiloti tomonidan o‘rtacha 68,9 ball), 2022-yilga nisbatan esa 14,3 ballga (62 ta davlat tashkiloti tomonidan 59,5 ball) oshgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan baholash natijalariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkichlar:
- “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ — 96 ball;
- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi — 95 ball;
- Markaziy bank — 94 ball.
Eng past natijalar:
- Agrosanoatni rivojlantirish agentligi — 9 ball;
- G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi — 17 ball;
- Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi — 26 ball.
O‘zbekistondagi davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda bu borada preventiv mexanizmlarni joriy etish maqsad qilingan. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining korrupsiyaga moyilligini tekshirish amaliyotini joriy qilish taklif etilayotgani haqida avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ma’lum qilgandi.
Izoh (0)