Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda Vatikan bayonotiga tayanib Reuters xabar berdi.
Papa 88 yoshda edi. Fevral oyi o‘rtalarida u bronxitni davolash uchun Rimning “Jemelli” klinikasiga yotqizilgan, so‘ngra tekshiruvlar ikki tomonlama pnevmoniya boshlanganini ko‘rsatgan. Papa kasalxonada besh hafta yotgan, to‘rt marta nafas olish inqirozini boshdan kechirgan, uning hayoti ikki marta xavf ostida qoldi, deyiladi bayonotda.
23-mart kuni pontifikni kasalxonadan chiqarishgan edi. Shundan so‘ng u faqat bir marta omma oldida paydo bo‘lgan, ammo bir nechta qabullar o‘tkazgan. Xususan, aprel oyi boshida u Britaniya qiroli Charlz III ni, Pasxa shanbasida esa AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensni qabul qilgandi.
Papa 2013-yil Rim-katolik cherkovi rahbariyatini o‘z qo‘liga olganidan beri jami to‘rt marta kasalxonaga yotqizilgan. U 2021-yilda qorin bo‘shlig‘ida jiddiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Bundan tashqari, 2023-yilda chandiq to‘qimasini va qorin churrasini davolash maqsadida yana bir operatsiyani boshdan kechirgan.
Yoshligida papa kasallikdan so‘ng o‘pkasining bir qismini oldirib tashlagan, shuning uchun tez-tez nafas yo‘llari kasalliklari xurujidan aziyat chekardi. Fransiskning tizzasida ham muammolar bor, shu sababli u so‘nggi yillarda nogironlik aravachasi va hassadan foydalangandi.
Izoh (0)