Andijon shahri hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov lavozimidan ozod etilgani aytilmoqda. Bu haqda bir-biridan mustaqil “Daryo” manbalari xabar bermoqda.

Aytishlaricha, 19-aprel, shanba kuni G‘ofurjon Abdurahmonov viloyat hokimligiga chaqirtirilib, undan o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozib berish so‘ralgan. Bunga shahar bandlik bo‘limi boshlig‘ining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Hokimning ishdan olinishiga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi viloyat boshqarmasi Andijon shahar bo‘limi boshlig‘ining ish vaqtida kabinetida psixotrop modda iste’mol qilayotgani sabab bo‘lishi mumkin”, deydi “Daryo” manbalaridan biri.
“Haqiqatan ishdan olindi. Erta yoki indinga sessiya o‘tkazilib, yangi hokim tayinlansa kerak”, deydi manbalardan yana biri.
Andijon viloyati hokimi matbuot xizmati Rustamjon Eshonov shahar hokimining ishdan olingani haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va hech qanday rasmiy asosga ega emasligini bildirib, agar o‘zgarish bo‘lsa xabar berilishini aytgan.
G‘ofurjon Abdurahmonov 2022-yilning 14-iyunidan buyon Andijon shahri hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi. O‘shanda u davlat manfaatlariga yirik miqdorda zarar keltirishda ayblangan Bahrom Haydarovning o‘rnini egallagandi.
G‘ofurjon Abdurahmonov 1976-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. 1998-yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot instituti (sirtqi), 1999-yilda Bank-moliya akademiyasini (sirtqi), 2012-yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Faoliyati davomida Markaziy bankning Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i, shuningdek, 2013—2022-yillar davomida ATB “Qishloq qurilish bank” boshqaruv raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
9-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i ish vaqtida, kabinetida psixotrop modda iste’mol qilayotgani xabar berildi. Vazirlik mas’ullari tasdiqlagan.
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri jarayonida fuqarodan jami 0,69 gr gashish giyohvand moddasi olingan. Hozirda holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)