Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda faqat yagona ta’sischisi nogironlik birlashmasi bo‘lgan korxonalar mahsulotlari davlat buyurtmasi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilinadi. Shu bilan birga, ishchilarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat 669 ta korxona hamda 8 ming 300 nafar yakka tartibdagi tadbirkor bor. 1—2-may kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan “Inson uchun” nomli ko‘rgazmada ularning mahsulotlari namoyish etilib, 360 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi.
Bu borada aholiga keng imkoniyat yaratish maqsadida xodimlari sonining kamida 50 foizi nogironligi bor shaxslardan iborat bo‘lgan barcha tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning mahsulotlarini davlat buyurtmasi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Buning natijasida 3 mingga yaqin tadbirkorlar tomonidan qo‘shimcha 20 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, jamiyatda har uch ayoldan biri zo‘ravonlikning muayyan shakliga uchramoqda. Shuning uchun rivojlangan davlatlarda bunday shaxslarga tezkor psixologik, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Mamlakatda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga mahalla darajasida ko‘rsatiladigan xizmatlar yo‘q. Tuman darajasidagi amaliy yordam sifati ham yuqori emas. Shu bois zo‘ravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, mahalla darajasida ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori va xotin-qizlar faoli tomonidan tazyiq holati o‘rganilib, doimiy kuzatib boriladi.
Tuman miqyosida “Inson” markazlarida himoya orderi talab qilmasdan psixologik, huquqiy va boshqa turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Shifoxonalarning shoshilinch bo‘limlarida birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi. Viloyat darajasida reabilitatsiya markazlarida ariza talab etmagan holda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish shartnomasiga muvofiq 6 oygacha boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, ta’lim va mehnat munosabatlarida zo‘ravonlikning oldini olish choralari ham ko‘riladi. Bunda himoya orderini berish bilan bir vaqtda zo‘ravonni tuzatish dasturi ishlab chiqiladi va “Inson” markazi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari tomonidan zo‘ravonlarning reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi.
Zo‘ravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar standarti ishlab chiqiladi. Bu sohada nodavlat notijorat tashkilotlari rivojlantiriladi. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ularni manzilli yo‘lga qo‘yish, har bir ayol uchun munosib turmush va mehnat sharoitlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Izoh (0)