Buyuk Britaniya hukumati 22-iyul kuni noqonuniy odam kontrabandasida qatnashgan shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalar rejimi joriy etilishini ma’lum qildi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Buyuk Britaniyaga odamlarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga yordam bergan har qanday shaxsning aktivlari muzlatib qo‘yiladi va Britaniyaga sayohat qilishi taqiqlanadi. Bu qaror mamlakat tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi tomonidan e’lon qilindi.
Ushbu sanksiyalar bugun, 23-iyuldan boshlab amal qilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, nafaqat noqonuniy kontrabanda bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga, balki ularning yordamchilariga, masalan, qayiq sotish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga ham qarshi choralar ko‘riladi.
“Sanksiyalar dunyoning istalgan nuqtasidagi shaxslarni qamrab oladi va ularning shaxsi ommaga oshkor qilinadi. Shu tariqa, Buyuk Britaniya moliya tizimi huquqbuzarlar bilan har qanday aloqaning oldini oladi”, deyiladi bayonotda.
TIVga ko‘ra, odam kontrabandasi va savdosi global xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi bois hukumat mamlakat chegaralarini yanada yaxshiroq himoya qilish uchun asosiy hamkorlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni mustahkamlash ustida ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda Buyuk Britaniyaga kelgan migrantlar soni 860 mingni tashkil etgan. Bu raqam 2025-yilning yakuniga borib 431 mingga pasayishi prognoz qilinmoqda. Bu avvalgi yilga nisbatan deyarli 50 foizga kamayish degani. Ushbu pasayish, asosan, ishchi va talaba vizalariga bo‘lgan talabning kamaygani; talaba hamrohlarining viza olishiga cheklovlar joriy etilgani; va emigratsiya darajasi oshgani tufayli yuzaga kelmoqda.
2021-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniyada O‘zbekistonda tug‘ilgan 2,864 nafar o‘zbek fuqarolari istiqomat qilgan. Birlashgan Qirollik 2023-yilda o‘zbek fuqarolariga 4 mingga yaqin viza bergan.
Izoh (0)