Pokistonda qurollangan shaxslar avtobusdagi kamida to‘qqizta yo‘lovchini o‘g‘irlab, qatl etishdi. Bu haqda mahalliy The Express Tribune nashri xabar berdi.

“Levis” harbiy tuzilmasi vakilining ma’lum qilishicha, hodisa Zhob tumanida yuz bergan. Jinoyatchilar ikki yo‘lovchi avtobusini to‘xtatib, yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirgan va to‘qqiz kishini olib ketgan. Keyinchalik ularning o‘lgan jasadlari tog‘lardan topilgan.
Hujum uchun javobgarlikni hozircha hech kim o‘z zimmasiga olmadi.
Politsiya zobiti Yasin Mandoxailning aytishicha, marhumlarning jasadlari sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Raxni shifoxonasiga yetkazilmoqda.

Balujiston hukumati rasmiy vakili Shahid Rindning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari voqeaga darhol munosabat bildirgan, biroq hujumchilar qorong‘ilikdan foydalanib qochishga ulgurgan. Mintaqada keng ko‘lamli qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Pokistonning eng yirik, ammo eng rivojlanmagan viloyati bo‘lgan Balujiston ko‘p yillik mojarolar hududiga aylanib qolgan. Jinoyatchi guruhlar xavfsizlik kuchlariga, davlat tuzilmalari vakillariga va boshqa viloyatlardan, ayniqsa Panjobdan kelganlarga muntazam ravishda hujumlar uyushtirmoqda.
Bundan avval Pokistonning shimoli-g‘arbida terrorchi tomonidan amalga oshirilgan portlash natijasida kamida 16 kishi hayotdan ko‘z yumgandi.
Izoh (0)