Rossiya davlat Dumasi deputati Mixail Tarasenko og‘ir kasallik sabab vafot etganiga qaramay, 22-iyul kuni qator qonun loyihalariga 11 marotaba ovoz bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda BBC rus xizmati xabar berdi.

Davlat Dumasining quyi palatasi spikeri Vyacheslav Volodin “TASS” axborot agentligiga bergan bayonotida Tarasenko uzoq vaqt “og‘ir kasal” bo‘lganini aytgan. Deputatning vafoti internetda “ekstremistik” kontentni izlash uchun javobgarlik bilan bog‘liq bahsli qonun loyihasi ma’qullangach e’lon qilingan. Ko‘plab faollar ushbu loyihani Rossiyada raqamli senzurani kuchaytirishga qaratilgan harakat sifatida baholamoqda.
BBC rus xizmatining ma’lum qilishicha, Tarasenko mazkur bahsli qonunga ovoz bermagan. Biroq u boshqa bir qancha qonunlarni qo‘llab-quvvatlagan. Ukraina urushida halok bo‘lgan harbiylarning bevalariga turmush o‘rtoqlaridan qolgan avtomobillarni meros huquqi rasmiylashtirilgunga qadar boshqarish imkonini beruvchi qonun shular jumlasidan.
Taxminlarga ko‘ra, Tarasenko nomidan ovozlarni uning ovoz berish kartasiga ega bo‘lgan hamkasblari yuborgan. Avval ham bunday holatlar ba’zi deputatlar betob bo‘lganda kuzatilgan.
_01-Yw1wW2ao.avif)
Mixail Tarasenko 2007-yildan beri davlat Dumasida ishlagan. U Mehnat, ijtimoiy siyosat hamda faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mita a’zosi edi. Tarasenko deputatlikdan avval metallurgiya sohasida kasaba uyushmasi rahbari bo‘lgan.
Izoh (0)