AQSH Oy uchun yadro reaktorini qurishni tezlashtiradi. NASAning vaqtinchalik rahbari Shon Daffi tegishli ko‘rsatma berdi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Daffining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Rossiya 2030-yil o‘rtalariga kelib Oyda reaktor o‘rnatmoqchi. NASA agar bu amalga oshsa, AQSHning imkoniyatlari cheklanishidan xavotirda. Sababi Xitoy va Rossiya “ehtimol yopiq hudud e’lon qilishi mumkin”.
Kelajakdagi Oy iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash, Marsda energiya ishlab chiqarish va kosmosda milliy xavfsizlikni mustahkamlash uchun muhim bo‘lgan bu texnologiyani haqiqatan ham rivojlantirish uchun agentlik tezkor harakat qilishi kerak, dedi Daffi.
U 30 kun ichida Oyda reaktor qurish loyihasi uchun NASA rasmiy vakilini tayinlashni buyurdi. Reaktor kamida 100 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarishi va 2029-yil oxirigacha ishga tushirishga tayyor bo‘lishi kerak.
Oyda yadroviy reaktor qurish
Yerda bir sutka 24 soat davom etsa, Oydagi bir sutka 29,5 yer sutkasiga teng. Ya’ni, ikki hafta davom etadigan uzluksiz quyosh nuri davridan so‘ng, yana ikki hafta davomida to‘liq qorong‘ilik hukm suradi. Bunday og‘ir sharoitda faqat quyosh panellari va akkumulyatorlardan foydalanish kosmik apparatlar yoki oy bazalarining ishlashini qiyinlashtiradi.
Shu sababli NASA ham, Xitoy-Rossiya ittifoqi ham Oyning janubiy qutbini o‘rganishga e’tibor qaratgan. Bu hududda quyosh deyarli ufqdan ko‘tarilmaydi, ayrim kraterlarning tubi esa doimiy soyada qoladi.
NASA so‘nggi yillarda yadro reaktorlari bo‘yicha tadqiqotlarni moliyalashtirdi, jumladan, 2022-yilda dastlabki loyihalarni ishlab chiqqan kompaniyalarga 5 million dollarlik uchta shartnoma berdi. O‘sha reaktor modellari hozir rejalashtirilayotganidan kichikroq bo‘lib, quvvati 40 kilovatt (hozirgi talab 100 kilovatt) va og‘irligi olti tonnadan kam edi. Biroq hozircha reaktor aynan qanday yoqilg‘i bilan ishlashi noma’lum.
Izoh (0)