AQSH prezidenti Donald Tramp 21-avgust kuni kechqurun poytaxt Vashington ko‘chalarida huquqni muhofaza qilish organlari va Milliy Gvardiya xodimlari bilan birga patrullik qildi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu harakat Tramp ma’muriyatining shaharda federal nazoratni o‘rnatishi va jinoyatchilikka qarshi keskin choralari doirasida amalga oshirilgan.
“Biz ajoyib natijalarga erishdik, shaharda endi boshqacha muhit hukm suradi. Jinoyatlar soni kutilganidan ham kamroq bo‘ladi”, dedi AQSH prezidenti.
Vashington politsiyasiga ko‘ra, federal nazorat boshlanganidan beri shaharda bir haftadan ko‘proq vaqt davomida qotillik sodir bo‘lmagan. Tramp so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga shunday murojaat qildi:
Sizlarni ko‘rib shuni tushunyapmanki, bu yerda hech qanday o‘yin-kulgi bo‘lmayapti. Biz xavfsizlikni ta’minlaymiz, keyin boshqa masalalarga o‘tamiz. Hozircha aynan shu ish bilan shug‘ullanamiz. Poytaxtni mukammal qilish istagidamiz.
Tramp, shuningdek, shahar ko‘chalarini ta’mirlash va devorlardagi grafittilarni (devor suratlari) tezda tozalash rejasini e’lon qilgan.
Parklar va jamoat joylarini qayta tiklaymiz. Ularni “Augusta” yoki Trump National Golf Club darajasiga olib chiqamiz, dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH prezidenti avgust oyining boshlarida poytaxtdagi jinoyatchilikni kamaytirish sa’y-harakatlari doirasida Vashingtonga 800 nafar milliy gvardiya qo‘shinini safarbar qilgandi. Shundan keyin, Ogayo, G‘arbiy Virjiniya, Janubiy Karolina, Luiziana, Missisipi va Tennessi shtatlari qo‘shinlari ham Trampning ushbu tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilingan. Shuningdek, Tramp 10-avgust kuni poytaxtdagi uysizlardan darhol shaharni tark etishni talab qilgandi.
Izoh (0)