AQSH Davlat departamenti 31-iyul kuni Falastin hukumati va Falastin Ozodlik tashkilotining ayrim rasmiylariga viza cheklovini joriy etdi. Sanksiyaga uchragan rasmiylarning ismlari ochiqlanmagan bo‘lsa-da, ular tinchlik muzokaralariga to‘sqinlik qilayotganlikda va terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblandi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.

Falastin hukumati va Ozodlik tashkiloti falastinliklarning rasmiy vakillari bo‘lib, uzoq vaqtdan beri xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarni ushbu davlatni tan olishga undab keladi. Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, bu choralar milliy xavfsizlik manfaatlari doirasida amalga oshirilmoqda.
“Falastin rasmiylari xalqaro sudlarga murojaat qilish orqali urushni xalqaro darajaga olib chiqib, terrorizmni davom ettirmoqda”, deyiladi bayonotda.
Falastin tomoni ushbu viza cheklovini keskin tanqid qilgan. Xususan, Ozodlik tashkiloti ijroiya qo‘mitasi a’zosi Vassel Abu Yusuf AQSHni Isroil uyushtirayotgan genotsidga hamkorlik qilishda ayblamoqda. Unga ko‘ra, sanksiyalar Isroil bosqinini va Falastin xalqiga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Mazkur qaror Kanada, Fransiya va Britaniyaning Falastin davlatini tan olish bo‘yicha bayonotlaridan so‘ng e’lon qilingan. Xalqaro hamjamiyat G‘azoda ocharchilik va gumanitar inqiroz kuchaygani fonida AQSHning bu qarorini turlicha qabul qilgan.
Ma’lumot uchun, Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari 2023-yil 7-oktyabrdan buyon 60 mingdan ortiq tinch aholining hayotiga zomin bo‘lgan. G‘azo deyarli xarobaga aylangan, aholisining aksariyati esa uy-joysiz qolgan. Shuningdek, hozirda sektorda misli ko‘rilmagan darajada ocharchilik yuz bermoqda. Buning oqibatida qariyb 150 kishi oziq-ovqat tanqisligidan vafot etgan.
Izoh (0)