Eron aholisi 2025-yilning ikkinchi choragida oltin xarid qilishni keskin ko‘paytirdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi 31-iyul kuni e’lon qilgan hisobotida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 12 kun davom etgan Eron—Isroil urushi fonida mamlakatda oltinga talab juda oshib ketgan. Narxlar yuqoriligiga qaramay, umumiy oltin savdosi hajmi 2024-yilning shu davriga nisbatan 20 foizga ko‘paygan. Oltin tanga va yombi (quyma oltin bo‘lagi)larga talab so‘nggi 6 yildagi eng yuqori darajaga yetgan. Dunyo bo‘yicha esa, 2025-yilning ikkinchi choragida oltin tanga va quyma xaridiga talab birinchi chorakka nisbatan 6 foizga kamaygan.
“Eron bu borada istisno bo‘ldi — aholi oltin taqinchoqlarga qiziqib, ularni investitsiya vositasi sifatida sotib oldi. Bu 12 foizlik o‘sishni ko‘rsatmoqda”, dedi Jahon oltin kengashi tahlilchisi Luiza Strit.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha taqinchoqlarga talab miqdori 14 foizga pasaygan bo‘lsa-da, ularning umumiy savdo qiymati 21 foizga oshgan. Odamlar global iqtisodiy noaniqliklar fonida “xavfsiz investitsiya” izlab, byudjetlarini kengaytirishga majbur bo‘lmoqda. AQSHning savdo bojlari bilan bog‘liq talablari va geosiyosiy tangliklar fonida oltinning investitsiya qiymati aprel–iyun oylarida ham yuqoriligicha qolmoqda.
Eronning oltin zaxiralari
Eron Markaziy banki mamlakat oltin zaxiralarini boshqaradi. 2023-yil holatiga ko‘ra, Eron rasmiy ravishda 340 tonnaga yaqin oltin zaxirasiga ega. Bu Eronni mintaqadagi eng yirik oltin egalaridan biriga aylantiradi. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat Yevrosiyo mintaqasida o‘rtacha yuqori zaxira egasi hisoblanadi. Global reytingda esa 30–40-o‘rinlar o‘rtasida joylashgan.
Ma’lumot uchun, Eron hududida bir nechta oltin konlari mavjud, xususan, Zarshuran koni — eng yirik va eng rivojlanganlardan biri. Bundan tashqari, Eronda Qizil Qand, Dashkasan va Saghand konlari ham faoliyat yuritadi. 2022–2023-yillarda Eron yiliga 10–15 tonna oltin qazib olgan.
Izoh (0)