Kolumbiya sobiq prezidenti Alvaro Uribe 29-iyul kuni sudda guvohga bosim o‘tkazganlikda aybdor deb topildi. Bogota sudi prezidentning qamoqda bo‘lgan sobiq harbiyni yolg‘on guvohlik berishga undaganini aniqladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Sobiq prezident Uribe 2002–2010-yillarda Kolumbiyani boshqargan. Sudning bildirishicha, u o‘zining harbiy guruhlar bilan aloqadorligi bo‘yicha olib borilgan tergovda sobiq paramilitar Juan Guillermo Monsalveni unga qarshi ko‘rsatma bermaslikka majburlagan.
Bu holat Kolumbiya tarixida ilk bor bo‘lib, shu paytgacha sobiq prezident hech bir jinoyat ishida ayblanmagan edi. Taxmin qilinishicha, Uribe 12 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Voqea qanday sodir bo‘lgan?
Jinoyat ishi 2012-yilda boshlangan. O‘shanda konservativ siyosatchi Uribe chap qanotdagi senator Ivan Sepedani noqonuniy qurolli guruhlar bilan aloqadorlikda ayblagan. Biroq Oliy sud Sepedani emas, Uribening o‘zini tergov qilishga qaror qilgan.
2018-yilda rasmiy tergov boshlanib, 2019-yilda Bogota va Medelinda minglab odamlar Uribega nisbatan jinoiy ish ochilganiga qarshi namoyish qilgandi.
Biroq ish joriy yil — 2024-yilda yangitdan qayta ochilgan. Bu prezident Gustavo Petro (Kolumbiya tarixidagi birinchi chap qanotdagi prezident) tomonidan Luz Kamargo bosh prokuror etib tayinlanganidan keyin yuz bergan. Petroning o‘zi sobiq partizan va Uribening siyosiy raqibi bo‘lgan.
Uribening o‘tmishi va obro‘si
Uribe Kolumbiyada uzoq yillar davom etgan fuqarolar urushi davrida hokimiyatda bo‘lgan. U chap qanotdagi FARC isyonchi guruhiga va giyohvand kartellarga qarshi keskin siyosati bilan tanilgan. Uning o‘rniga prezident bo‘lgan sobiq ittifoqchisi Xuan Manuel Santos 2016-yilda FARC bilan tinchlik kelishuvini imzolagan, bu esa Uribe tomonidan “xiyonat” sifatida qabul qilingan.
Hozir ham Uribe Kolumbiyada konservativlar orasida mashhur siyosatchi bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, prezident Petro hukumatining qurolli guruhlar bilan olib borgan tinchlik harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, Uribening pozitsiyasi yana kuchaygan.
Uribega nisbatan boshqa jiddiy tergov ishlari ham ochilgan. Jumladan, u 1997-yilda Antioxiya gubernatori bo‘lganida sodir bo‘lgan qishloq aholisi qirg‘ini bo‘yicha tergov qilinmoqda. Shuningdek, Argentinada Uribe ustidan 6 mingdan ortiq tinch aholi harbiylar tomonidan o‘ldirilgani va bedarak yo‘qolgani bo‘yicha shikoyat qilingan. Uribe o‘ziga qarshi tergovlarni “siyosiy qasos” deya baholamoqda.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa sud hukmini tanqid qilmoqda. Uning fikricha, Uribening yagona aybi – yurtini himoya qilish va unga sodiqlik bilan xizmat qilish bo‘lgan.
“Kolumbiya sud tizimining radikal sudyalar tomonidan qurol sifatida ishlatilayotgani xavotirli”, degan Rubio.
Izoh (0)