Donald Tramp prezident sifatida qasamyod qilgan kuni Xitoyda mahalliy DeepSeek chatboti namoyish etildi. O‘zining ChatGPT platformasi uchun milliardlab dollar sarmoya jalb etgan OpenAIdan farqli, xitoyliklar arzon muqobil topishdi. Bu esa AQSH fond bozoriga salbiy ta’sir qildi. Boisi investorlar mamlakat sun’iy idrok borasida o‘zining strategik raqibidan keskin oldinlab ketmagani, oradagi farq kutilganidan ancha qisqa ekanini bilib oldi.

Oq uyning yangi rahbari masalaga munosabat bildirib, buni AQSH uchun signal sifatida baholadi. Kongressning razvedka qo‘mitasi rais o‘rinbosari Mark Uorner esa DeepSeek’ning muvaffaqiyati 18 ta agentlik va tashkilotdan iborat tizim – Amerika razvedka hamjamiyati uchun “kutilmagan yangilik” bo‘lganini ta’kidladi.
Bundan avvalroq Bayden ma’muriyati ham Xitoy josuslari va askarlari sun’iy idrok borasida amerikaliklardan ilgarilab mumkinligidan xavotir bildirgan edi. Shu bois razvedka agentliklari, Pentagon va yadro qurollari ishlab chiqaruvchi Energetika vazirligiga ilg‘or modellar ustida faolroq tajriba o‘tkazish topshirig‘i berildi. Shuningdek “frontier” AI laboratoriyalari, masalan Anthropic, Google DeepMind va OpenAI bilan yaqindan hamkorlik qilish yo‘lga qo‘yildi.
Shu maqsadda Pentagon Anthropic, Google, OpenAI va Ilon Maskning xAI kompaniyasi bilan har biri 200 million dollargacha bo‘lgan shartnomalar imzoladi. Ayniqsa, ulardan oxirgisi foydalanuvchi nomidan murakkab vazifalarni bajarishi, avtomobillar yoki kompyuterlar kabi qurilmalarni boshqarishi mumkin.

Frontier laboratoriyalar faqat armiyada emas, balki josuslik dunyosida ham mustahkam o‘rnashmoqda. Ular qo‘llanilgan dastlabki keys maxfiy ma’lumotlarni qayta ishlashdir. Joriy yil yanvarida Microsoft kompaniyasi o‘zining yangi mahsulotidan razvedka agentliklarida foydalanish uchun ruxsat olinganini bildirdi. Iyun oyiga kelib esa Anthropic Claude Gov’ni ishga tushirdi. U “AQSH milliy xavfsizligiga mas’ul eng yuqori darajadagi agentliklar tomonidan allaqachon qo‘llanilayotgani” aytilgan.
AI kompaniyalari odatda o‘z modellarini “spooks” (maxfiy xizmatlar) ehtiyojiga moslashtiradi. Masalan, Anthropic’ning jamoatchilik uchun chiqarilgan Claude modeli maxfiy belgilarga ega hujjatlarni rad etishi mumkin. Ammo Claude Gov bu cheklovlardan xoli va davlat foydalanuvchilari uchun zarur “kuchaytirilgan qobiliyatlar”ga ega. Bunday modellar odatda global tarmoqqa ulanmagan xavfsiz serverlar orqali ishlaydi.
Shunga qaramay, sobiq mudofaa va razvedka rasmiysi Katrina Mulligan bu sohada taraqqiyot sekin borayotganini aytadi. U, shuningdek AQSH Milliy xavfsizlik agentligi sun’iy idrokning ovoz tanish kabi elementar funksiyalaridan o‘n yillardan beri foydalanib kelayotganini ta’kidladi.
Sun’iy intellekt: josuslik o‘yinlari
Sun’iy idrok bo‘yicha britaniyalik mutaxassis Richard Karterning ta’kidlashicha, hali bu borada qilinadigan ishlar ko‘p. U AQSH va Britaniya razvedka xizmatlari kompaniyalardan sun’iy idrok tizimlarida uchraydigan “hallusinatsiya”, soddaroq aytganda, aslida yo‘q ma’lumotlarni bordek ko‘rsatish holatlarini kamaytirishni so‘ramoqda.
“Razvedka hamjamiyatida sizga izchillik, ishonchlilik, shaffoflik va tushuntirilish zarur,” deydi u.
Bunga misol sifatida Mistral startapi keltiriladi. Qayd etilishicha, u har bir ma’lumot oqimi, masalan, sun’iy yo‘ldosh suratlari yoki ovozli signallarni bitta AI agentga biriktiradi. Bu esa, o‘z navbatida, qaror qabul qilish jarayonini tezlashtiradi.
“Yoki boshqa misol: yuzlab eronlik yadro fiziklarini aniqlash, o‘rganish va keyin ularga murojaat qilib, qochishga undash vazifasi yuklangan AI agentini tasavvur qiling. Ular urush kontekstida qanday qo‘llanishi haqida yetarlicha o‘ylamaganmiz,” degan mutaxassis.
Biroq Karter AI agentlar yuklatilgan vazifani osonlashtirish uchun o‘z “prompt”larini yaratishidan ogohlantirdi. Mutaxassis bu ularni yanada noaniq qilishi va xatoliklar xavfini oshirishini ma’lum qildi. Misol uchun, OpenAI’ning ChatGPT platformasi taxminan 8 foiz javoblarda hallusinatsiyaga yo‘l qo‘yadi.
G‘arb mutaxassislari orasida Xitoy oldinlab ketganiga ishonadiganlar ham bor. Silikon vodiysida joylashgan Institute for Security and Technology vakili Filipp Rayner shular jumlasidan.
“Biz hali ham Xitoy DeepSeek’ni harbiy va razvedka maqsadlarida qanday va qay darajada qo‘llayotgani haqida to‘la tushunchaga ega emasmiz. Ularda, ehtimol, bizning modellarimizdagi kabi cheklovlar yo‘q. Shu bois xitoyliklar tezroq va yaxshiroq natijalar olishlari mumkin”, degan u.
Masalaga Tramp ma’muriyati ham e’tibor qaratdi. Oq uy 23-iyul kuni Pentagon va razvedka agentliklariga mahalliy xavfsizlik idoralari sun’iy idrokdan qanchalik joriy etganini o‘rganishni va natijalarni Xitoy kabi raqobatchilar bilan taqqoslashni buyurdi.
Izoh (0)