AQSH davlat departamenti Misr hukumatiga umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollar bo‘lgan “yer-havo” raketa tizimlarini sotishga rozilik berdi. Bu haqda Pentagonga tayanib Al-Jazeera ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, Qohira bitim doirasida NASAMS havo mudofaa tizimlari, jumladan, to‘rtta AN/MPQ-64 Sentinel radar kompleksi, yuzlab raketalar va uchirish qurilmalarini oladi.
Bundan tashqari, AQSH hukumatining 26 nafar xodimi va 34 nafar pudratchi bitim doirasida Misrga yuboriladi. Ular mamlakat harbiylariga muhandislik, texnik va logistika yordamini ko‘rsatadi. Vashington mazkur kelishuvni o‘zining Yaqin Sharqdagi strategik manfaatlari va NATOga kirmagan asosiy ittifoqchilaridan biri Misr xavfsizligini mustahkamlash zarurati bilan izohlagan.

NASAMS AQSH va Norvegiya hamkorligida ishlab chiqilgan havo mudofaa tizimi bo‘lib, dushman samolyotlari, dronlar va qanotli raketalarga qarshi qo‘llanadi. Misr esa AQSHning mintaqadagi eng yirik ittifoqchilaridan biri bo‘lib, Isroil bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan 1980-yildan buyon Vashingtondan katta miqdorda harbiy yordam oladi.
Biroq ta’kidlash joiz, Qohira so‘nggi yillarda Pekin bilan ham aloqalarini mustahkamlamoqda. Joriy yilning aprel—may oylarida ikki davlat Eagles of Civilization 2025 qo‘shma mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Izoh (0)