Kolumbiyada “Karlos Patino” nomli isyonchi guruh 57 nafar harbiyni asirga oldi va ularni o‘z ixtiyoriga qarshi ushlab turibdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib, Reuters xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, asirga olinganlar orasida 4 nafar ofitser va 53 nafar professional askar bor. Vazirlik bu holatni “harbiylarning asosiy huquqlarini jiddiy buzish” va “Kolumbiya davlatini haqorat qilish” deb baholagan. Hodisa janubi-g‘arbiy Kauka departamentining Arxeliya munitsipalitetida yuz bergan.
Harbiylarni o‘g‘irlashda avvalroq tarqatib yuborilgan “Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari” tarkibidagi “Karlos Patino” guruhi jangchilari ishtirok etgan.
Biz mamlakat janubi-g‘arbida davlat kuchlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun mahalliy jamoalardan qo‘rqoqlarcha foydalanayotgan “Karlos Patino” guruhi tomonidan askar va ofitserlarimizning o‘g‘irlanishini qoralaymiz, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, bayonotda odam o‘g‘irlash, tinch aholiga bosim o‘tkazish va davlat vakolatlariga to‘sqinlik qilish jinoyat ekani eslatib o‘tilgan. Ayni vaqtda Kolumbiya armiyasi ushbu hududda joylashtirilgan bo‘lib, harbiylarning xavfsiz qaytishini ta’minlash, tartibni tiklash va aholining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.
Izoh (0)