Texaslik 71 yoshli ayol “miyani kemiruvchi amyoba” deyiladigan halokatli amyoba paraziti bilan kasallanib vafot etdi. Bu haqda Zerkalo News xabar berdi.

Fanda Naegleria fowleri deb nomlanuvchi kasallik juda kamyob, ammo o‘limga olib keladi. Fojiaga uning ko‘chma uyidagi sisternada saqlanayotgan qaynamagan suv bilan burnini chaygani sabab bo‘lgan.
Kasallangan ayol amyoba odatda yashaydigan ochiq suv havzalari, masalan, ko‘l, hovuz yoki basseynlarda cho‘milmagan. U kasallik alomatlari paydo bo‘lishidan oldin 4 kun davomida burnini yuvish uchun ko‘chma uyining vodoprovod suvini qaynatmasdan ishlatgan.
Shifokorlar bemorga juda kam uchraydigan, ammo o‘limga olib keladigan birlamchi amyobali meningoensefalit tashxisini qo‘ygan. Davolashga qaramay, birinchi alomatlar paydo bo‘lganidan 8 kun o‘tgach, ayol og‘ir asoratlar oqibatida vafot etgan.

Marhumaning ko‘chma uyi va u to‘xtagan hududdagi suv tahlilida Naegleria fowleri infeksiyasi aniqlanmagan. Biroq namunalar ifloslanishdan 23 kun o‘tgach olingan. Shu bilan birga, suvning dezinfeksiya darajasi pastligi va haddan tashqari loyqaligi xavfli mikroorganizmlar yashashi uchun qulay sharoitlar yaratgani aniqlangan.
Naegleria fowleri 25°C dan yuqori haroratda faollashadi va burun yo‘llari orqali miyaga yetib boradi. Tana ichida u trofozoit shakliga kirib, miyaga boradigan yo‘lda neyronlarni yo‘q qiladi. Kasallik belgilariga bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, isitma, chalkashlik, gallyutsinatsiya kabilar kiradi.
Izoh (0)