AQSH Pokiston bilan neft qazib olish bo‘yicha qo‘shma kelishuvga erishdi. Bu haqda prezident Donald Tramp o‘zining Truth Social sahifasida ma’lum qildi.

Siyosatchi Vashington bir kun kelib Hindistonga neft sotishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
Biz Pokiston bilan kelishuvga erishdik, unga ko‘ra Qo‘shma Shtatlar ularning ulkan neft zaxiralarini o‘zlashtirish ustida birgalikda ishlaydi. Hozirgi vaqtda bu hamkorlikka rahbarlik qiladigan neft kompaniyasini tanlamoqdamiz, dedi Tramp.
2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi taxminan 7,3 milliard dollarni tashkil etgan. O‘sha yili AQSHning Pokistonga eksporti 2,1 milliard dollar bo‘lgan. Bu 2023-yilga nisbatan 4,4 foizga (90,9 million dollar) ko‘p.
Pokiston Moliya vazirligi bildirishicha, neftga oid kelishuv ikki tomonlama savdoni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va texnologik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. AQSH Pokiston bilan ilgari hech qachon bunday yirik hajmdagi tabiiy resurslar bo‘yicha qo‘shma ishlab chiqarish bitimi imzolamagan edi.
AQSHning Hindiston bilan savdo munosabatlari qanday?
AQSH rahbari 30-iyul kuni Hindistonga nisbatan ancha keskin choralar ko‘rishini e’lon qildi. Jumladan, 1-avgustdan boshlab ushbu davlatdan olib kiriladigan mahsulotlarga 25 foizlik boj solinadi. Bundan tashqari, Hindistonning Rossiyadan qurol-yarog‘ va neft xarid qilayotganiga javoban “alohida jazo solig‘i” ham qo‘llaniladi. Ammo bu jazoga hali aniqlik kiritilmagan.
U Hindiston Rossiyadan harbiy texnika va energiya xarid qilishda davom etayotganini tanqid qilgan. Bunga javoban Hindiston hukumati esa “o‘zaro manfaatli, adolatli va muvozanatli” savdo kelishuvini tuzishga intilishini bildirgan. AQSH va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmi 2024-yilda 190 milliard dollarni tashkil etgan. Ammo ikki davlat o‘rtasidagi savdo kamomadi 45,8 milliard dollarga teng.
Izoh (0)