Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni qadriyatlar va madaniyatni o‘zida ifoda etadigan sun’iy intellektning milliy modelini ishlab chiqish boshlanganini e’lon qildi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu O‘zbekistonning boy tarixi va zamonaviy yondashuvlarni o‘zida uyg‘unlashtirib, yoshlarning yangi kreativ g‘oyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bu tizim samara berishi uchun Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilmoqda. Shu yilning o‘zida AI study platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganadi.
Hozir maktablarda 19 ming 500 nafar informatika o‘qituvchisi bor. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Massachusets texnologiya institutining sun’iy intellekt ta’lim dasturi asosida o‘quv dasturlarini yangilaydi. Har bir viloyatdan 100 nafar informatika o‘qituvchisi joriy yilda Yangi O‘zbekiston universitetida ushbu dasturga o‘qitiladi. Ushbu mentor o‘qituvchilar o‘z hududidagi qolgan informatika o‘qituvchilarini ikki yil davomida kaskad usulida tayyorlaydi.
Bu orqali 5 yilda barcha maktab bitiruvchilari sun’iy intellekt bo‘yicha yetarli bilim oladi.


“Raqamli avlod qizlari” tanlovida ta’lim, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi kabi sohalarda 7 ming o‘quvchi va talabaning 120 ta startap loyihasi tanlab olindi. Bu yil kamida 50 ming nafar qizlar “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bilan qamrab olinadi.
Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetikani ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab, 100 ta loyiha amalga oshiriladi.
Izoh (0)