Eron havo hududi yopilgani sabab 13-iyunda Toshkentdan uchadigan bir nechta reyslar bekor qilindi.

Uzbekistan Airports matbuot xizmatining xabar berishicha, bular:
- Flydubai aviakompaniyasining Dubay—Toshkent—Dubay yo‘nalishi bo'yicha FZ-1945/1946 reyslari;
- Air Arabia aviakompaniyasining Sharja—Toshkent—Sharja yo‘nalishi bo‘yicha G9-270/271 reyslari;
- Asia Union aviakompaniyasining Toshkent—Madina—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 7q-141/142 reyslari.
Eron havo hududi yopilgani sabab shu kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent—Jidda yo‘nalishidagi HY5343 reysi, Fly Dubai aviakompaniyasining Toshkent—Dubay yo‘nalishidagi FZ1942 reysi Toshkentga qaytishga majbur bo‘lgandi.
Air Cairo aviakompaniyasining Olmaota—Sharm ash-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha SM882 reysi va Qatar Airways aviakompaniyasining Seul—Doha yo‘nalishi bo‘yicha QR8985 reysi Toshkent aeroportiga favqulodda qo‘ndi.
Isroil 13-iyunga o‘tar kechasi Eronga yirik ko‘lamda hujum uyushtirib, mamlakat yadroviy dasturining asosiy obyektlari va yuqori martabali harbiy rahbarlarini nishonga oldi. Mamlakat favqulodda holat e’lon qilib, havo hududini yopdi. Isroil Erondan javob hujumini kutmoqda. Eron Isroil hujumlariga qat’iy javob qaytarishni va’da berdi.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ehtimoliy raketa hujumlari sabab bilan o‘zbekistonliklarga tezkor ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy tavsiya qildi. O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi ham fuqarolarga xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni, shuningdek, Eron hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini muntazam ravishda kuzatib borishni tavsiya qildi.
Izoh (0)