Senatorlar uch oydan ortiq muddat chet elda bo‘lib, O‘zbekistonga kelganlarni OIVga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nazarda tutilgan qonunni maʼqulladi.

Joriy yil 1-avgustda Senatda odam immunitet tanqisligi virusi (OIV) tarqalishiga qarshi kurashish, xususiy bandlik agentliklari va aholi bandligiga doir qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun muhokama qilindi.
Qonunga muvofiq uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat xorijda bo‘lib qaytgan 18–60 yoshlar oralig‘idagi fuqarolar hamda chet elliklar OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Bunda O‘zbekiston fuqarolari va mamlakatda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tekshiriladi. Ishlash uchun respublikaga kelgan chet elliklar yoki fuqaroligi bo‘lmaganlar, mamlakatda doimiy yashaydigan xorijliklar esa o‘z mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.
“Bundan tashqari, OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda”, deyiladi Senat xabarida.

Majlisda Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori o‘rinbosari Bahrom Umarov xorijdan kelgan fuqaro uch kun ichida tekshiruvdan o‘tishi shartligini aytgan.
“OIV va sil kasalligi tekshiruvidan o‘tkazish hukumat tomonidan belgilanadi. Yangi qonunga muvofiq, fuqaro respublika chegaralaridan kirib kelgani to‘g‘risida Davlat personallashtirish markazidan maʼlumot olinadi. Shuning asosida o‘sha kun o‘zida biriktirilgan tibbiyot xodimi va ichki ishlar noziri tomonidan fuqaro oila aʼzolari bilan profilaktik tushuntirish ishlari o‘tkaziladi. Fuqaro uch kun ichida tibbiy tekshiruvdan o‘tishi shartligi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Hukumatda bu bo‘yicha loyiha tayyorlangan”, degan markaz masʼuli.

Qonunda O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotganlarni borayotgan mamlakati qonunchiligi, davlatda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish majburiyati xususiy bandlik agentliklariga beriladigan litsenziya shartlaridan biri etib belgilangan. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullangan.
Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga uzoq muddat chet elda bo‘lib qaytgan 1,7 million fuqaroning faqat 434 ming nafari (25 foizi) ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan. Ularning 1 ming 512 nafarida mazkur kasallik aniqlangan. O‘tgan yili 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan. Ulardan 81 nafari ham ushbu kasallikka chalingani aniqlangan.
Izoh (0)