Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 30-iyul kuni Chorvoq shamol elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi Iqtisodiyot va tijorat bo‘limi maslahatchisi Sun Yan, masʼul xitoy kompaniyalari vakillari, Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov hamda masʼul rahbar-xodimlar, mahalliy faollar ishtirok etdi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023-yil 17-oktyabrda Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni savdo departamenti ko‘magida “O‘zbekgidroenergo” AJning birinchi GRANT loyihalarini jalb qilish doirasida O‘zbekistonda shamol elektr stansiyasini qurish grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumi imzolangan. Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni savdo departamenti tomonidan loyihani qurilish ishlarini olib borish uchun o‘tkazilgan tenderda TBEA Co., Ltd kompaniyasi g‘olib bo‘lib, bosh pudratchi etib tanlangan.

Bugungi kunda bosh pudratchi tomonidan Toshkent viloyati hokimining 2025-yil 1-iyuldagi tegishli qarori asosida ajratilgan 10 gektarga teng yerda (Burchmulla hududida) qurilish ishlari olib borilmoqda hamda Xitoydan olib kelinayotgan zamonaviy texnologik asbob-uskunalarini bosqichma-bosqich montaj qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 28 million AQSH dollari bo‘lib, qurilish grant mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Ya’ni Xitoy tomonidan shuncha mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri beg‘araz ko‘mak ajratilgan.
Loyihani amalga oshirish muddati 2025—2026-yillarga rejalashtirilgan. Ushbu loyiha doirasida 20 MVt quvvatga teng shamol elektr stansiyasini barpo etiladi. Bunda yiliga o‘rtacha 50 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur loyiha foydalanishga topshirilgandan so‘ng, qariyb 20 ming xonadon elektr energiya bilan taʼminlanadi.

Ushbu shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi yiliga 811,1 ming metr kub tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna ko‘mir tejash imkonini beradi.
Izoh (0)