Toshkent viloyati hokimligi “og‘ir” va “qizil” toifaga kiruvchi 300 ta mahallaga kichik quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishini ma’lum qildi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va chekka hududlarni barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatidagi 300 ta mahallaga kichik quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi hokimning qarorida bayon etilgan.
Loyihaning dastlabki bosqichida Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Yoshlik”, “Zarbdor” va “Ertamg‘ali” mahallalarida kooperatsiya asosida quvvati 180 kVt dan 500 kVt gacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu stansiyalar mahalliy aholining elektr ta’minotini yaxshilash bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga iqtisodiy tejamkorlikni ham ta’minlaydi.
Loyiha yanada kengaytirilib, endilikda, Bo‘ka, Quyi Chirchiq, Ohangaron va Piskent tumanlaridagi olis va infratuzilmasi sust rivojlangan 16 ta “qizil” toifadagi mahallalarni ham qamrab olmoqda. Loyiha doirasida umumiy hisobda 10 435 ta xonadon energiya bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Shuningdek, 751 ta kambag‘al oilani ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Stansiyalarni qurish ishlari Energetika vazirligi huzuridagi “Yashil energiya” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladi. Umumiy quvvati 4 650 kVt bo‘lgan fotoelektr stansiyalari mazkur mahallalarga beg‘araz o‘rnatiladi.
Prezidentning 2025-yil 1-apreldagi qarorida aholisi ijtimoiy og‘ir 300 ta mahallada kichik quvvatli fotoelektr stansiyalar o‘rnatilishi ham belgilangandi. Quvvati 100 MVt dan ortiq kichik quvvatli fotoelektr stansiyalarini barpo etish hisobiga 45 million metr kub tabiiy gazni tejash maqsad qilingan.
Prezident 2024-yil avgustida energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazganida “Muqobil energiya manbalarini o‘rnatish bu — davlat siyosati”, deb ta’klidlagandi.
Izoh (0)