Toshkentda cho‘kayotgan qizlarni qutqarib, halok bo‘lgan Abdumannop Samiqov “Jasorat” medali bilan mukofotlangani haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi mukofotni topshirish marosimida marhumning turmush o’rtog’iga 50 mln so’m berilganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligida bugun, 3-iyun kuni mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi. Marosimda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov, favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o'rinbosari Sanjar Zuparov, deputatlar, OAV vakillari, mukofot sohiblarining yaqinlari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida marhum Abdumannop Samiqovning turmush o’rtog’iga 50 mln so’m, N.Mamasoliyevga esa 25 mln miqdorida moddiy yordam topshirildi.
Voqea haqida
Voqea 5-may kuni kechqurun sodir bo‘lgan. “Gazeta.uz”ning yozishicha, Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” mahallasida yashovchi yetti-sakkiz yoshlardagi uch qizaloq qirg‘oqqa tushgan. Qizlardan biri sirpanib, suvga tushib ketgan. Oqim qizchani kanal markaziga oqizib ketgan. Dugonasiga yordam bermoqchi bo‘lgan boshqa qiz ham suvga sakragan. Oqim uni kanal qirg‘og‘i bo‘ylab pastga oqizib ketgan. Shundan so‘ng bolalar yordamga chaqirgan.
Qizlardan birini yaqin atrofda yashovchi ayol xoda yordamida qutqarib olgan. Quyi oqimdagi ikkinchi qizchani 43 yoshli erkak A.S. suvga tushib, qutqargan, biroq o‘zi halok bo‘lgan. Uning jasadi cho‘kib ketgan joyidan 4 kilometr uzoqlikdan topilgan.
Baxtsiz hodisaga sayr zonasi barpo etilayotgan joyda xavfsizlik talablariga rioya etib suvga tushiladigan yo‘llar yopilmagani, kanal bo‘ylari betonlashtirilgani sabab tayanib chiqish imkoni bo‘lmagani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Izoh (0)