Qonunchilik palatasining 29-iyuldagi majlisida Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Qarorga muvofiq:
- Kattaqo‘rg‘on tumanidan — 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer Kattaqo‘rg‘on shahri tarkibiga o‘tkaziladi.
- Nurobod tumanidan 600 gektar yer Kattaqo‘rg‘on tumani tarkibiga o‘tadi.
Majlisda ta’kidlanishicha, Kattaqo‘rg‘on shahri hududini kengaytirish orqali o‘rta shaharlar toifasidan katta shaharlar toifasiga o‘tkazilishi, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholining o‘sib borishini inobatga olgan holda aholiga qulay sharoitlar yaratish, yangi infratuzilma obyektlari hamda ko‘p qavatli turar joy komplekslari barpo etish belgilangan.
Kattaqo‘rg‘on shahri hududini kengaytirilishi natijasida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektar maydonda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Hududda 2030-yilga borib sanoat korxonalarining sonini 332 tadan 500 taga yetkazish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qariyb ikki barobarga o‘sishini ta’minlash reja qilingan. Aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 barobarga o‘sishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, hududda xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar sonini 981 tadan 1 285 taga yetkazish hisobiga jami xizmatlar hajmi 1,8 barobarga o‘sishi, 2030-yilga borib xizmat ko‘rsatish sohasida korxonalar sonini 3 ming taga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Kattaqo‘rg‘on shahrida jami 71 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilishi, eksport salohiyati kengaytirilib 65 mln dollarga yetkazilishi belgilangan.
Bu o‘zgarishlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolli rejalarni belgilash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hudud infratuzilmasini yaratish, shuningdek, yangi hududda belgilangan talablar doirasida ijtimoiy soha, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishini tashkil etish hamda shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangan.
Izoh (0)