“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni sunʼiy intellektda ishlovchi maxsus dasturiy taʼminotga integratsiya qilingan zamonaviy kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olish ko‘zda tutilgan. 2025-yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkini texnik qo‘riqlash qamrovini 30 foizga, yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini esa 60 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, ichki ishlar organlarida yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida masofaviy taʼlim shakli joriy etiladi hamda bakalavriat dasturi bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Qaror bilan “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar” konsepsiyasi tasdiqlandi. Mahallalarda alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlar hamda manzilli choralar bilan ilmiy-amaliy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va xavfsiz muhitni yaratish konsepsiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Konsepsiyaga ko‘ra, tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i va prokurorning xizmat xonasi 2025-yil yakunigacha bevosita mahallada tashkil etilib, kundalik ishining boshlanishi va yakuni aynan o‘sha yerda amalga oshiriladi. Mahallalarda bosqichma-bosqich mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ichki ishlar vazirligi JXD axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova 2025-yil boshlarida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarining kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 419 ta mahallalarni o‘z ichiga qamrab oladigan 84 ta mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishini maʼlum qilgandi.
Prezident qarorida belgilanishicha, ijtimoiy profilaktika obyektlari, ayniqsa, oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslarning (janjalkash va nizoli oilalar) holidan majburiy ravishda kamida har 3 kunda xabar olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi “mahalla targ‘ibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.
Mahalladagi jamoat joylari, ko‘p qavatli turarjoy va uylar oldida “tashvish” tugmalari o‘rnatiladi.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilagandi. Profilaktika inspektorlari, tezkor-qidiruv, patrul-post va qo‘riqlash xizmati faoliyatini kuchaytirib, aholi xavfsizligini joylarda taʼminlash shartligini aytgandi. Butun tizimni pastga tushirib, har bir mahallani “jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish zarurligini taʼkidlandi.
“2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorigada barcha tuman (shahar) sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlariga 2025-yilda kriminogen vaziyat og‘ir mahallalar nomma-nom biriktirilishi belgilangan. Masʼullar faoliyati har oy yakunida – ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida – Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda bosh vazir huzurida tanqidiy muhokama qilinadi, har bir mahalla kesimida prezidentga axborot berib boriladi.
Izoh (0)