Volkswagen “O‘zavtosanoat” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni boshlaydi.

“O‘zavtosanoat” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, IV Toshkent Xalqaro Investitsiya forumi doirasida Volkswagen AG va “O‘zavtosanoat” AJ tarkibiy korxonasi — Alyans Auto kompaniyasi o‘rtasida zamonaviy yengil avtomobillar, sedanlardan tortib to to‘liq o‘lchamli krossoverlargacha bo‘lgan model qatorini kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuv imzolandi.
Barcha modellar mahalliy bozor sharoitlari va iste’molchilar talablariga moslashtiriladi.
Imzolangan kelishuv hamkorlikning izchilligi va strategik yo‘nalishini aks ettirib, muvaffaqiyatli hamkorlikning mantiqiy davomi va Volkswagen brendining mintaqadagi barqaror rivojlanish yo‘lidagi muhim qadami bo‘ldi.
-aYj9hSm8.avif)
“Mintaqaning yuragida joylashgan O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqarish va eksportini tashkil etish uchun keng imkoniyatlar ochadi. Ushbu hamkorlikni biz Volkswagenʼning bozordagi barqaror ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam deb bilamiz”, degan Volkswagen AG boshqaruv kengashining savdo, marketing va sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish bo‘yicha a’zosi Martin Sander.
Loyiha doirasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, texnologiyalarni uzatish va mamlakatning avtomobil sanoati eksport salohiyatini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Ommaviy ishlab chiqarishni boshlash 2025-yil IV choragiga mo‘ljallangan.
Volkswagen brendining O‘zbekiston bozoridagi mavjudligi 2019-yilda Jizzax shahridagi ishlab chiqarish maydonchasida Caddy yengil tijorat avtomobillari va Skoda Kodiaq oilaviy krossoverining yig‘ilishi bilan boshlangan. Korxona Jizzax Auto brendi ostida Volkswagen va Skoda rasmiy ishlab chiqaruvchisi va distribyutori sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
2020-yilda “O‘zavtosanoat” va Volkswagen Group Rus “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi Jizzax avtomobil zavodida (Jizzakh Auto) yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. O‘sha yilning yozida Volkswagen, kuzda esa Skoda tijoriy avtomobillar sotuvi boshlandi.
Volkswagen kompaniyasining BPDD korporativ auditi natijalariga ko‘ra, 2025-yilda kompaniya sifat va mijozlarga yo‘naltirilgan standartlarga sodiq qolgan holda Alyans Auto nomi ostida rebrending va faoliyatini davom ettirdi.
Izoh (0)