Naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy olib chiqishga bo‘lgan urinishga chek qo‘yildi, deb xabar berdi Andijon viloyati bojxona boshqarmasi.

Maʼlum qilinishicha, “Do‘stlik” chegara bojxona postiga chiqish piyoda yo‘lagi orqali Qirg‘izistonga o‘tib ketish maqsadida kirib kelgan fuqaro K.Sh. belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Natijada ushbu shaxsning yonidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda maʼlum qilinmagan 12,7 ming dollar borligi aniqlandi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Maʼlumot uchun, fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lmagan valyuta mablag‘larini bojxona chegarasi orqali olib chiqayotgan yoki olib kirayotgan hollarda, valyuta mablag‘larini egasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bilan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi ilovasini to‘ldirgan holda, bojxona xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkazilishi belgilangan.
Bojxonachilar yil boshidan buyon salkam 40 kg zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘ydi.
Jumladan, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postida zargarlik buyumlarini qonunga xilof tarzda olib kirishga bo‘lgan qator urinishlar fosh qilindi.
Raqamlarga ko‘ra, respublika bojxonachilari tomonidan 2025-yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 252 ta bojxona qonun buzilishi holatlarida qiymati 24,3 mlrd so‘mlik salkam 40 kg og‘irlikdagi zargarlik buyumlarining bojxona chegaralari olib noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Izoh (0)