Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Shri Lankadagi (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) birinchi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda 24-iyul kuni “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu mamlakat Davlat protokoli rahbari Rohana Ambagolla O‘zbekiston rahbariyatiga Shri Lankada ilk elchisini tayinlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim siyosiy qaror bo‘lib, o‘zaro hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi. Shri Lankaning O‘zbekiston bilan yangi formatdagi hamkorlikka ochiqligi tasdiqlandi.
Elchi unga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi. Shri Lanka O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda, xususan, savdo, logistika, ta’lim va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni jadal kengaytirishdan manfaatdor ekani alohida qayd etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalari, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ikki tomonlama savdo aylanmasining hozirgi hajmi qoniqarsiz ekani qayd etilib, ushbu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 50 million dollarga yetkazish uchun aniq choralarni ko‘rishga kelishib olindi.
Eksport va import suratlarini oshirish uchun transport va logistika yechimlarini birgalikda ishlab chiqish, axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda onlayn platforma va dasturlarni ishlab chiqish hamda yo‘lga qo‘yish masalalari xususida fikr almashildi.
Shri Lanka — Hind okeanida joylashgan, Hindistonning janubiy qirg‘oqlari yaqinidagi tropik orol davlat bo‘lib, O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar 1999-yil oktyabrida o‘rnatilgan.
Alisher To‘xtayev 2024-yilning oktyabridan buyon O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi lavozimida ham ishlab kelmoqda. Elchi bo‘lishidan avval O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan.
Izoh (0)