Qashqadaryoda chorvachilikni kompleks rivojlantirish dasturi boshlanadi. Bu haqda 20-iyun kuni viloyatni kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Prezident raisligidagi yig‘ilishda qayd etilishicha, chorvachilik uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 oygacha 14 foizli kreditlar ajratiladi. Bu orqali viloyatdagi 127 ta chorvador to‘liq quvvatga chiqadi. Yeri ham, fermasi ham mavjud bo‘lgan 630 ta chorvadorga mol sonini 12 ming boshga ko‘paytirishi uchun arzon resurslar ajratiladi.


Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 150 million dollar hisobidan ushbu loyihalarni moliyalashtirishni boshlashni topshirdi.
Davlat rahbari Qashqadaryoning yalpi hududiy mahsulotini kelgusi besh yilda bemalol 10 milliard dollardan oshirish mumkinligini aytdi. Shu munosabat bilan Qashqadaryoda viloyat “Islohotlar shtabi” tuzilishi belgilandi.
Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga tashrifi birinchi kuni
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga hududlar rivoji, islohotlar natijadorligi bilan tanishish maqsadida kelgandi. 19-iyundagi tashrifini Qarshi shahridagi “Alp texno servis” elektrotexnika korxonasi bilan tanishuvdan boshladi. Qarshi shahridan Shahrisabzga poyezdda bordi va u yerda ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Yakkabog‘ tumanida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi. Shahrisabz tumani Hisor tog‘i yon bag‘ridagi sayyohlik salohiyati bilan tanishdi. “Miraki” xalqaro turizm markaziga tashrif buyurdi. “Hisorak”da 1,5 million dollarga qurilgan kichik GESni ko‘zdan kechirdi. Shahrisabz tumanidagi agroturizm majmuasini borib ko‘rdi.
Izoh (0)